Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
2024-yilning dastlabki oyida andijonlik isteʼmolchilar uchun “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialining joylardagi vakillari tomonidan 8 ming 134 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berilgan boʻlib, belgilangan reja 103 foizga bajarildi.
“Suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmati borasidagi islohotlar joylarda davom ettirilmoqda, — deydi “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali direktor oʻrinbosari Zafarbek Qahhorov. – Isteʼmolchilarimizga sohaga tatbiq etilgan raqamlashtirish ahamiyatini doimiy ravishda tushuntirib bormoqdamiz. Xususan, ID kartalar, undan foydalanish tartiblari va afzalliklari haqida qayta-qayta uqtirilmoqda. Shuningdek, ayrim tumanlarimizda xatlovlar oʻtkazilmoqda. Bu boradagi ishlarimiz toʻxtab qolganicha yo‘q”.
Isteʼmolchilar bugungi kunda suyultirilgan gazdan foydalanishda undan maishiy ehtiyojlar uchun foydalanishlari kerakligini tushunishlari zarur. Bu borada ham mutaxassislar tomonidan kerakli targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Yetkazib berilgan gazning barchasi onlayn tizim orqali berilib, bunda ID kartalar, “E-gaz” dasturi ishlashiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan vaqt mobaynida, belgilangan rejani “Jalaquduqtumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi 113 foizga, “Shahrixontumangaz” va Marhamat tumani vakillari 109 foizga, xonobodliklar 108 foizga, “Buloqboshitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi 105 foizga foizga bajardilar. Bugun viloyat boʻyicha suyultirilgan gaz yetkazib berishning oʻrtacha davriyligi 40-45 kunga toʻgʻri kelmoqda.
“Hududugaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati