Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda "11-noyabr O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni" munosabati bilan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yil — xalq bilan” g‘oyasi ostida “Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari o‘n kunligi” loyihasi doirasida "Hududgaz Andijon" gaz ta’minoti filialida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Bosh mehnat xuquq inspektori B.Abdullaev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Andijon viloyat kengashi ijtimoiy himoya bo‘lim mudiri E.Teshaboev, “Hududgaz Namangan” va “Hududgaz Farg‘ona” boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi vakillari, kasaba uyushmalari faollari hamda mehnat faxriylari ishtirok etdi.
“...Bugungi kunda kasaba uyushmalari har bir fuqaroning munosib mehnat sharoitida ishlashi, o‘z mehnatining samarasidan rozi bo‘lishi uchun faoliyat yuritmoqda, - deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Andijon viloyat kengashi ijtimoiy himoya bo‘lim mudiri Ergashboy Teshaboev. - Kasaba uyushmalari faqat mehnatkashlarning huquqlarini himoya qiluvchi institut emas, balki inson qadrini ulug‘lovchi, jamoatchilik bilan davlat o‘rtasidagi muloqot ko‘prigi vazifasini bajarayotgan muhim ijtimoiy kuchdir...”
Bayram kechasi davomida “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Gulchehraxon Mamatxo‘jaevga “O‘zbekiston kasaba uyushmalariga 120 yil” esdalik ko‘krak-nishoni topshirildi. Bu mukofot nafaqat Filial boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasining balki, butun boshlik andijonlik gazchi xodimlarning fidokorona mehnati, jamoat faoliyati va inson manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga berilgan munosib baho desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, qonuniy mehnat munosabatlarini takomillashtirish, ishchi-xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish hamda jamoatchilik nazoratini rivojlantirish – ijtimoiy davlat qurishning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda kasaba uyushmalari faollarining fidokorona mehnati va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tashabbuslari katta ahamiyatga ega.
Joriy yil boshidan beri “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan salomatliklarini tiklash va mustahkamlash uchun ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasi badallari hisobidan jami 40 nafar xodimga yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, yoz mavsumida bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohiga 54 nafar xodimlar farzandlariga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilib, sog‘liklarini tiklash va murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun 9 nafar xodimlarga moddiy yordam mablag‘lari ajratildi. Boshlang‘ich kasaba uyushmasi hisobidan 21 ta xodim moddiy yordam bilan ta’minlandi. Respublikamizdagi tarixiy boy va zamonaviy shaharlarini ziyorat va sayohat qilish uchun jami 271 ta xodim yuborildi.
Tadbir yakunida, o‘zining namunali mehnati, jamoada faolligi va sadoqati bilan ajralib turgan ishchi-xodimlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
"Hududgaz Andijon" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati