Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Navro‘z bayrami "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filialida ko‘tarinki ruhda, milliy qadriyatlarimizga xos tarzda keng nishonlandi. Bayram tadbiri filial jamoasini birlashtirgan, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlovchi unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
Tadbirning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri – an’anaviy doshqozonda sumalak qaynatilishi bo‘ldi. Xodimlar bir yoqadan bosh chiqarib, sumalak tayyorlash jarayonida faol ishtirok etdilar. Bu esa nafaqat milliy urf-odatlarimizga hurmat ifodasi, balki jamoa o‘rtasidagi birdamlik va ahillik timsoli sifatida namoyon bo‘ldi.
Bayram dasturida filial hamda uning hududiy bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar ishtirok etib, ular uchun kuy-qo‘shiqlar va qiziqarli dasturlar tashkil etildi. Samimiy suhbatlar, kulgu va quvonchga boy lahzalar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, tadbir davomida milliy taomlar dasturxoni yozilib, mehmonlar va xodimlar bahoriy ne’matlardan bahramand bo‘ldilar. Bu esa Navro‘zning yangilanish, sahovat va mehr-oqibat bayrami ekanini yana bir bor eslatdi.
"Hududgaz Namangan" gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati