Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Andijonda aholi orasida elektr energiyasini va tabiiy gazni iqtisod qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha ko‘rgazmali amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda respublika va viloyat prokuraturasi mutasaddilari, tegishli korxona va tashkilotlar mutaxassislari, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, yirik energiya iste’molchilari va aholi vakillari ishtirok etib, mavsumiy energiya xavfsizligi hamda fuqarolarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, energiya manbalaridan xavfsiz va oqilona foydalanish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
Seminarda viloyatda elektr energiya va tabiiy gazni iqtisod qilish, energotejamkor uskunalarni keng joriy qilish, ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi xonadonlarini qish mavsumiga shay holatga keltirish, mavsum davomida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi tadbirlarini yanada samarali tashkil etish hamda barcha zaruriy choralarni ko‘rish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, aholi uchun xavfsiz va uzluksiz energiya ta’minotini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Yig‘ilganlarga tabiiy va suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanish, tabiiy resurslarni iqtisod qilgan holda sarflash, energiyatejamkor gaz jihozlaridan foydalanish va ularning afzalliklari haqida tushunchalar berildi
“...Iste’molchilarimiz uchun energiya tejamkor yondirgichlarning afzal tomonlari ko‘p, — deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Xurshidbek Qodirov. — Masalan, u xavfsiz hisoblanadi, ya’ni bosim pasayib-ko‘tarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar bo‘lganda, avtomatik tarzda o‘chib, gaz o‘tkazishni to‘xtatadi. Hozir aholi xonadonlarida gaz ta’minoti bo‘limlari xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarimizda bu haqida tushunchalar berilmoqda...”
Tadbir yakunida aholiga energiya resurslaridan xavfsiz va oqilona foydalanish bo‘yicha tushunchalar berilib, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati