Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Mazkur mahalla Qiziltepa tumanida joylashgan. Mahalla hududi keng qir- adirlarga tutashib ketgan. Shu uchunmi bu yerda qish havosi boshqa mahallalarga qaraganda salqin. Bobodo‘g‘iliklar maishiy turmushda suyultirilgan gazdan foydalanishadi. Mahallada 2 902 ta aholi istiqomat qiladi. Suyultirilgan gaz isteʼmolchilari soni 722 tani tashkil etadi. Mahallaga tasdiqlangan reja-jadval asosida har 35-40 kunda suyultirilgan gaz yetkazib kelinmoqda.
Bu uchun tuman bo‘yicha to‘rt dona maxsus “ISUZU” transportlari ajratilgan. Bir kunda tuman ahliga 8 tonna, 400 kilogrammgacha suyultirilgan gaz tarqatiladi. Eʼtiroflisi, qishning qorli, sovuq kunlarida ham hech bir mahalla, hech bir xonadon suyultirilgan gaz taʼminotisiz qolmaydi. “Bobodo‘g‘i” mahallasi ham doimiy tarzda maishiy gaz ballonlar bilan taʼminlanib kelinmoqda.
- Har qanday ob-havo sharoitida tumangaz gaz taʼminoti bo‘limi tomonidan maishiy gaz ballonlar yetkazib berilyapti, - deydi mahalla faollaridan biri Iroda Norqulova. – Ovqat tayyorlash, choy qaynatishda qiynalib qolgan kunlarimiz yo‘q. Qahraton qishda ham rejaga ko‘ra, kechiktirilmay gaz ballonlar yetkazib berilyapti. Bundan albatta, xursandmiz.
Aytish kerakki, maishiy gaz ballondan foydalanishda ham xavfsizlik qoidalariga rioya etish muhim sanaladi. Mahallada gaz ballon tarqatish jarayonida isteʼmolchilarga “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali va “Qiziltepatumangaz” gaz taʼminoti bo‘limi xodimlari tomonidan gaz ballondan to‘g‘ri foydalanishga oid tushuntirishlar olib borildi. Qiz mavsumini betalofat o‘tkazishda hushyor bo‘lish, gaz jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik, gaz ballonni gaz plitadan belgilangan masofada uzoq o‘rnatish va boshqalar bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Shu bilan birga mavzuga oid eslatmalar tarqatildi.
Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, tumanda joriy yilning 29 yanvar holatiga ko‘ra, 144 tonna suyultirilgan gaz aholi xonadonlariga maishiy gaz ballonlarda yetkazib berildi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati