Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Aytish kerakki, bugungi kunda gaz ta’minoti sohasida “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani maqsadga muvofiq bo‘ldi. “Mahallabay” ishlash tizimining afzalligi shundaki, iste’molchi endi sarson bo‘lmaydi, gaz bilan bog‘liq muammosi bo‘lsa, mahallasiga borib, hududga biriktirilgan gazchi ko‘magidan foydalanadi. Shu bilan birga, vaqt yo‘qotishlarning oldi olinadi. Bu aholini, xususan, har bir mahalladagi iste’molchilarning gaz bilan bog‘liq muammolarini tezkor va joyida hal etish imkonini bermoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filialining “Mahalla iste’molchilari bilan ishlash” bo‘limi boshlig‘i Abduvosit Abdurayimov Aska tumanida bo‘lib, mahalla gazchilari faoliyati bilan tanishdi.
Boburjon Sodiqov ham “Asakatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida mahalla gazchisi lavozimida mehnat qilib kelmoqda. Xodimga tumandagi “Baraka”, “Birdamlik”, “Hamdo‘stlik” va “O‘zbekiston” mahallalari biriktirilgan bo‘lib, ushbu mahallalarda joylashgan hovli uylardagi iste’molchilar soni jami 2 mingdan ortiqni tashkil etadi. Mahalla gazchisining har kunlik faoliyati bugungi kunda onlayn tizim orqali kelgan topshiriqlarni bajarish bilan o‘tmoqda. Bunda muammoli xonadonlarning aniq manzilli ro‘yxati asosida xonadonlarga borib, ularning elektron gaz hisoblash uskunasida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etadi. Aholi xonadonlarida o‘rnatilgan elektron gaz hisoblash uskunasi sozligini tekshirish tadbirlari ham mahalla gazchisining kun davomidagi vazifalaridan biriga kiradi.
Mahalla gazchi bo‘lgan B.Sodiqov muammolarni bartaraf etish asnosida iste’molchilar bilan suhbatlashib, tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish, zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlaridan foydalanish va boshqa zarur qoidalar bo‘yicha ogohlantirish berib kelmoqda. Shuningdek, hududidagi tabiiy gazdan qarzdor xonadonlarni qarzini so‘ndirish bo‘yicha sud-huquq organlariga hujjatlar tayyorlab, mavjud qarzdorliklarni bartaraf etishda targ‘ibot va amaliy harakatlar olib bormoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati