Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisiga suyultirilgan gaz yetkazib berish, bunda muntazamlikka amal qilish asosiy jihatlardan biri. “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali tomonidan o‘tgan 2025 yilda barcha sohalarda bo‘lgani kabi isteʼmolchilarga har 35-40 kunda maishiy gaz ballonlarda suyultirilgan gaz yetkazilishini taʼminlash borasida ham qator ishlar bajarildi.
Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, viloyatda suyultirilgan gaz isteʼmolchilari soni 106 mingtani tashkil etadi. Shundan aholi isteʼmolchilari 105 926 ta, ulgurji yaʼni, ijtimoiy soha isteʼmolchilari 74 tadan iborat.
Isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz har 35-40 kunda reja-jadval asosida mahallalar kesimida yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatda o‘tgan yil davomida aholiga suyultirilgan gaz yetkazilishini tumanlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, bu boradagi yuqori ko‘rsatkich Xatirchi tumaniga to‘g‘ri keladi. Tumanda 30 544 ta suyultirilgan gaz isteʼmolchilari mavjud. Navbahor va Nurota tumanlari esa isteʼmolchilar soni jihatidan keyingi o‘rinlarni egallaydi. Xatirchiliklarga o‘tgan yil davomida jami 4 ming tonnadan ortiqroq suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Aytish kerakki, qorli va yomg‘irli havo harorati pasaygan kunlarda ham viloyatning olis va chekka hududlari, Tomdi, Uchquduq, Nurota tumanlarining uzoq mahalla, ovullariga gaz ballon yetkazish ishlari muntazamligi yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun maxsus texnikalar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirilgan.
2025 yil davomida viloyatning suyultirilgan gaz isteʼmolchilariga jami 13 915, 31 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi taʼminlandi. Jarayonlarda gaz ballonlardan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishga oid targ‘ibotlar ham olib borildi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati