Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Qishning qahraton kunlarida ishlashni o‘zi bo‘lmaydi. Mana shunday kunlarda ham aholiga gaz yetkazib berishda chilangarlarning xizmati beqiyos. Kunlik gaz tarmoqlarining nazorati hamda gaz taqsimlash qurilmalaridagi rejim-sozlash ishlarini olib borish havo haroratining darajasidan qat’iy nazar olib borilmoqda. Soha xodimlari esa mana shunday sovuq kunlarda ham o‘z vazifalarini mas’uliyat bilan amalga oshirmoqdalar.
“Andijonshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari ham ayozli kunlarda shahar aholisini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash uchun tunu kun ishlamoqdalar. Bugun ular o‘z faoliyatlarini 24/7 rejimida olib borishib, har ikki soatda shaharni ta’minlovchi avtomatik gaz taqsimlash shoxobchalaridan chiqqan gaz taqsimlash punktlaridagi bosimni nazoratdan o‘tkazmoqdalar. Bunda Kuyganyor, Bog‘ishamol, Bo‘ston va Ko‘makay shoxobchalaridagi tarmoqlar doimiz ko‘zdan kechiriladi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi gaz taqsimlash puntklarini ham doimiy ravishda ko‘zdan kechirish va rejim-sozlash ishlarini olib borish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Shahar gaz ta’minoti bo‘limida kunlik rejim ishlaridan tashqari avariya brigadalarining ham faoliyatlari zaruriydir. Gaz sizib chiqish holati yoki boshqa avariyaviy holatda mazkur brigadalar zudlik bilan joylardagi avariyalarni bartaraf etib kelmoqdalar.
“...Shaharni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi 98 ta gaz taqsimlash punktlari mavjud, - deydi shahar gaz ta’minoti bo‘limi mutaxassisi Shuhratbek Nuraliev. – Ularni nazoratdan o‘tkazishda kiruvchi va chiquvchi bosimlarni o‘lchash, xonadonlarga bir maromda gaz borishini ta’minlashda doimiy kuzatuv zarur...”
Qahraton sovuq, qorli va noqulay ob-havo sharoitlariga qaramay, “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali hamda uning barcha shahar-tuman bo‘limlari ishchi-xodimlari tunu kun faoliyat olib bormoqdalar. Gazchilarimiz tomonidan gaz tarmoqlarida bosimni bir me’yorda saqlash, uzluksiz gaz ta’minotini ta’minlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olish va tabiiy gaz yetkazib berish choralariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati