Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Gaz taʼminoti yo‘nalishi o‘z ichiga keng maʼlumot va bilimlarni qamrab oladi. Sohada faoliyat olib borayotgan gazchilar mazkur bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashi lozim. Shunga ko‘ra, bugun "Hududgaz Navoiy" gaz taʼminoti filialida tasdiqlangan o‘quv dasturlariga asosan mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi, sanoat xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, elektr xavfsizligi hamda xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha filial xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
Unda tabiiy va suyultirilgan gaz, ularning xossalari, avtotransport vositalaridan foydalanish, yo‘riqlov turlari, bosim turlari, suyultirilgan gaz ballonlarni sinovdan o‘tkazish tartibi, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan gazlashgan xonadonlarga qo‘yiladigan talablar, is gazi va gaz-havo aralashmasi natijasida kelib chiqadigan portlashlarning oldini olish va boshqa mavzularida batafsil maʼlumot va tushunchalar berib boriladi.
- O‘quv mashg‘ulotimizni yil davomida doimiy o‘tkazib borish rejalashtirilgan, - deydi filialning mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligi, favqulodda holatlarni oldini olish bo‘limi yetakchi muhandisi Axtam Roziqov. – Mashg‘ulotlarga barcha bo‘lim xodimlari faol qatnashib, bilim va malakalarini oshirib borishmoqda. Darslar yakunida olingan bilimlar bo‘yicha sinov imtihoni bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, xodimlarimizga o‘quv davomida nazariy maʼlumotlar berilsa, “Navbahortumangaz” gaz taʼminoti bo‘limida tashkil etilgan o‘quv-mashq maydonida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi.
Aytish joizki, mazkur o‘quv mashg‘ulotlari soha xodimlarini nazariy va amaliy bilimlarini yana-da mustahkamlash, tajriba va malakasini oshirishni ko‘zda tutgani bilan ahamiyatlidir.
"Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati