Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati ISO 14001:2015 “Ekologik menejment tizimlari” va ISO 45001:2018 “Mehnatni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi menejment tizimlari” xalqaro standartlariga muvofiqlik sertifikatlarini muvaffaqiyatli qoʻlga kiritdi.
Mustaqil xalqaro sertifikatlash organi — “MANAGEMENT CERTIFICATION” MCHJ tomonidan oʻtkazilgan audit natijalariga koʻra, jamiyat faoliyatining ekologik jihatlarni boshqarish, atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish, shuningdek, barcha darajalarda xodimlar uchun xavfsiz va sogʻlom mehnat sharoitlarini taʼminlash boʻyicha qatʼiy talablarga muvofiqligi tasdiqlandi.
Mazkur sertifikatlash “Hududgaztaʼminot” AJning barqaror rivojlanish yoʻlidagi muhim qadam boʻlib, korporativ jarayonlarni mustahkamladi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi sohasida xalqaro ilgʻor amaliyotlarga sodiqligini namoyon etdi.
ISO 14001 va ISO 45001 standartlari talablariga muvofiq integratsiyalashgan boshqaruv tizimini joriy etish ekologik xavflarni yanada samarali kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni optimallashtirish, shuningdek, xodimlar va pudratchilar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish imkonini beradi.
Jamiyat rahbariyati ushbu sertifikatlar samaradorlikni oshirish, isteʼmolchilar va hamkorlar ishonchini mustahkamlash, shuningdek, gaz taʼminoti sohasidagi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi.