Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Gaz tizimi sohasida onlayn rejim asosida ish olib borish va raqamlashtirish jarayonlari ham suyultirilgan gaz ta'minotiga tadbiq etildi. Tizimda shaffoflikni ta'minlash, korrupsiya va sun'iy narx oshirilishini oldini olish maqsadida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishning onlayn “E-Gaz” tizimi ishga tushirildi. Bu borada barcha iste'molchilarga maxsus ID kartalar bepul ravishda tarqatildi va barcha maishiy gaz ballonlari maxmum bar-kodli yorliqlar bilan ta'minlandi. Hozirda Andijon viloyati bo‘ylab 484 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste'molchilariga mana shu onlayn tizim asosida gaz yetkazib berilmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filialida shahar-tuman bo‘limlarining aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmati bo‘limi muhandislari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Filialning “Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish” bo‘limi mutaxassislari yig‘ilganlarga aynan aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi korrupsiyadan xoli bo‘lishi zarurligini alohida ta'kidladilar.
“...Xulosa sifatida aytish mumkinki, xalqimizning tom ma‘nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas‘ul shaxslar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi shart. Bu fuqarolarimizda korrupsiyaga, aniqroq aytganda, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati, madaniyati shakllanishiga ham bog‘liq. Chunki har qanday qonunbuzarlik sodir etilishiga, ko‘payishiga ko‘p hollarda fuqarolarimizning befarqligi, loqaydligi sabab bo‘lmoqda. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorligi kuchayishi har qanday illatning batamom barham topishiga xizmat qiladi” – deydi “Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish” bo‘limi mutaxassisi Xasanboy Rizaev.
Davra suhbati davomida ID kartalarning ishlashi, nazorat tarozilari va yetkazib beruvchi chilangarlarning muomala madaniyati, kartalardan foydalanish qoidalari haqida fikrlar almashildi. Shuningdek, maishiy gaz ballondan foydalanish, oshxonadagi gaz jihozlari, gaz plitasi va ballon oraliq masofasi haqida ham tushunchalar berildi. Chilangarlar tomonidan gaz yetkazib berishda aholi bilan til biriktirmaslik, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, oshxona va choyxonalar maishiy gaz ballonlarini alishtirmaslik hamda elektron tizimdan qat'iy ravishda foydalanishlik bo‘yicha tavsiyalar berildi.
“Hududgaz Andijon” gaz ta‘minoti filiali matbuot xizmati