Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Namangan viloyatida ochiq eshiklar kuni va sayyor qabul tashkil etildi. Mazkur tadbir aholining hamda kasaba uyushma a’zolarining murojaatlarini joyida o‘rganish, mavjud muammolarga huquqiy yechim topish hamda tizim faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratildi.
Ochiq eshiklar kuni va sayyor qabulda Federatsiya raisi o‘rinbosari Q.Qirg‘izaliyev, Yuridik bo‘lim mudiri H.Premqulov hamda Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash sho‘basi mutaxassisi N.Asadova ishtirok etdi.
Tadbirda Hududgaz Namangan gaz ta’minoti filiali boshlang‘ich kasaba uyushmasi a’zolari ham faol qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislarga yuzlandilar. Ochiq muloqot jarayonida mehnat huquqlari, ijtimoiy himoya, ish sharoitlarini yaxshilash, imtiyozlar va kasaba uyushmalarining vakolatlariga oid savollar atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan kelib tushgan murojaatlar joyida huquqiy jihatdan tahlil qilinib, ayrim masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan masalalar esa nazoratga olinib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
Mazkur ochiq eshiklar kuni va sayyor qabul kasaba uyushmalari faoliyatining ochiqligi, xodimlar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish hamda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
"Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati