Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Energetika vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "O‘zenergoinspeksiya" va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda “Yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish yuzasidan” qo‘shma qaror ishlab chiqilgan. Ushbu qarorga ko‘ra, 2024 yilning noyabr' oyi “Energetika xavfsizligi oyligi” etib belgilandi. Shu munosabat bilan aholi orasida elektr energiyasini va tabiiy gazni iqtisod qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha Andijon shahrida ham ko‘rgazmali amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda shahar hokimi va prokurori, barcha tegishli korxona va tashkilotlar vakillari, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, yirik energiya iste'molchilari va aholi vakillari ishtirok etib, mavsumiy energiya xavfsizligi hamda fuqarolarni energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash masalalari muhokama qilindi.
Seminarda shaharda elektr energiya va tabiiy gazni iqtisod qilish, energotejamkor uskunalarni keng joriy qilish, ijtimoiy soha ob'ektlari va aholi xonadonlarini qish mavsumiga shay holatga keltirish, mavsum davomida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi tadbirlarini yanada samarali tashkil etish hamda barcha zaruriy choralarni ko‘rish lozimligi ta'kidlandi. Shuningdek, aholi uchun xavfsiz va uzluksiz energiya ta'minotini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi va mas'ul tashkilotlarning mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
“...Iste'molchilarimiz uchun energiya tejamkor yondirgichlarning afzal tomonlari ko‘p, — deydi “Andijonshahargaz” gaz ta'minoti bo‘limi boshlig‘i Sherzodbek Xoliqov. — Masalan, u xavfsiz hisoblanadi, ya'ni bosim pasayib-ko‘tarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar bo‘lganda, avtomatik tarzda o‘chib, gaz o‘tkazishni to‘xtatadi. Hozir aholi xonadonlarida shahar gaz ta'minoti bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarimizda bu haqida tushunchalar berilmoqda...”
Tadbir yakunida aholiga energiya resurslaridan xavfsiz va oqilona foydalanish bo‘yicha tushunchalar berilib, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati