Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Aytish kerakki, bugungi kunda gaz taʼminoti sohasida “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani maqsadga muvofiq bo‘ldi. Bu aholini, xususan, har bir mahalladagi isteʼmolchilarning tabiiy va suyultirilgan gaz bilan bog‘liq muammolarini tezkor va joyida hal etish imkonini bermoqda.
Faxriddin Ibragimov ham “Buloqboshitumangaz” gaz taʼminoti bo‘limida mahalla gazchisi lavozimida mehnat qilib kelmoqda. Xodimga tumandagi “Shohguzar”, “Qumguzar” va “Uchko‘cha” mahallalari biriktirilgan bo‘lib, ushbu mahallalarda joylashgan hovli va ko‘pqavatli uylardagi isteʼmolchilar soni jami 2 ming 137 tani tashkil etadi. “Mahallabay” ishlash tizimining afzalligi shundaki, isteʼmolchi endi sarson bo‘lmaydi, gaz bilan bog‘liq muammosi bo‘lsa, mahallasiga borib, hududga biriktirilgan gazchi ko‘magidan foydalanadi. Shu bilan birga, vaqt yo‘qotishlarning oldi olinadi.
Mahalla gazchisining har kunlik faoliyati bugungi kunda onlayn tizim orqali kelgan topshiriqlarni bajarish bilan o‘tmoqda. Bunda muammoli xonadonlarning aniq manzilli ro‘yxati asosida xonadonlarga borib, ularning elektron gaz hisoblash uskunasida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etadi. Shuningdek, tabiiy gazni tejash, is gazidan ogoh bo‘lish, aholi xonadonlarida tejamkor gaz yondirgichlarining afzalligi yuzasidan targ‘ibot olib boradi. Aholi xonadonlarida o‘rnatilgan elektron gaz hisoblash uskunasi sozligini tekshirish tadbirlari ham mahalla gazchisining kun davomidagi vazifalaridan biriga kiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, har qanday ob-havoda mahalla gazchilari xonadonma xonadon yurib, o‘zlariga topshirilgan vazifani astoydli ado etib kelishmoqda. Bu mehnat esa eʼtirofga loyiqdir.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati