Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Qish fasli bo‘lsada, Surxondaryo viloyati markazi – Termizda bahor nafasi esadi. Lekin, vohaning olis tog‘li qishloqlari oppoq qor og‘ushida ohista mudraydi.
Xo‘sh, zumrad qish faslida tog‘liklarning turmushi qanday kechyapti? Qiyinchiliklar yo‘qmi? Hali ham odamlar qishda tog‘ boyliklari – archa, dov-daraxtlarni kesib, kamaytiryaptimi? Qish faslida ularga suyultirilgan gaz ballonlari qanday yetkazib berilmoqda? Shunday o‘y-xayollar bilan oppoq qorga burkangan Denov tumanining tog‘li qishloqlari sari yo‘l oldik.
Eng olis hududlardan biri bo‘lgan Denov tumanining "Sina" qishlog‘i bo‘lib, bu manzilga xizmat ko‘rsatuvchi gaz to‘ldirish inshootidan 60 km, viloyat markazadin esa 165 km yo‘l bosib borish mumkin.
Aslida bu safarimizning o‘zi so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi samarasidir. Uzoqqa bormaylik. Bundan olti yetti yil oldin biz yo‘lga otlangan qishloqlar aholisidan bugungidek qorli-qirovli kunlarda hol-ahvol so‘rash uchun bironta xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot vakillari borarmidi? Turmushingiz qanday kechyapti, chirog‘ingiz yoniqmi, qora qozonni qaynatish uchun yoqilg‘ingiz bormi, deya so‘rarmidi? Yo‘q! Bizning yodimizda qolgani – ahyon-ahyonda falon tog‘li qishloqdan falon kishi archa kesib, qo‘lga tushibdi. Tabiatga katta zarar yetkazib, jarimaga tortilibdi, degan xabarlarni eshitar yoki o‘qib qolar edik. Chunki, o‘sha paytda tog‘li qishloqlar aholisi uchun yoqilg‘i masalasida ham hozirgidek sharoit, imkoniyat yo‘q edi.
Har qancha olis va noqulay ob-havo bo‘lishiga qaramay, ushbu hududlarga suyultirilgan gaz reja-grafik asosida o‘z vaqtida yetkaziladi. Maqsad olis hududlarda yashovchi viloyatdoshlarimizning yashash sharoitini yaxshilashga hissa qo‘shish, tizimdagi imkoniyatlardan ularning to‘laqonli foydalanishi uchun imkoniyat yaratishdir.
"Sina" qishlog‘ining odamlari dilkash, samimiy, mehmondo‘st. Yilning qaysi faslida borsangiz ham quchoq ochib kutib oladi. Mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar 618 nafa aholi yashaydigan bu qishloqlarni ham suyultirilgan gaz bilan ta’minlash imkoniyatini yaratdi. Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi bu go‘shalarga tepalikka qarab ketgan qiya, tor, jarliklardan iborat yo‘llar orqali boriladi. “Denovtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari ana shunday murakkab yo‘lni bosib, maxsus avtotransport vositalari bilan aholiga o‘z vaqtida suyultirilgan maishiy gaz ballonlarini yetkazib bermoqda.
Mazkur hududlarda yashovchi aholi uchun yozning jaziramasi va qish qahratoni biroz sinovli kelishi, tabiiy. Ammo aholi bundan nolimaydi. Boisi ana shunday tog‘lar orasida ham ularga hayot kechirish uchun munosib sharoitlar yaratilgan.
Xususan, "Hududgaz Surxodaryo" gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatdagi 56 ta borish qiyin bo‘lgan olis hududga, jami 10 ming nafar iste’molchining maishiy ehtiyoji uchun suyultirilgan gaz yetkaziladi.
Ushbu olis hududlar viloyatimizning Boysun, Denov, Oltinsoy, Sariosiyo va Uzun tumanlarida joylashgan bo‘lib, mazkur mahallalariga transport harakati qishning qirovli kunlarida biroz murakkablashadi. Shu bois tayyorgarlik yoz va kuz oylarida boshlanib, suyultirilgan gaz tashish transport vositalari texnik xavfsizligi ta’minlandi. Maishiy ballonlarning yaroqli ekanligi nazorat qilinmoqda.
"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali mutasaddilarining aytishicha, tizimda yuz bergan o‘zgarishlar yaqin va uzoq, chekka hududlarni birdek suyultirilgan gaz bilan ta’minlashga qulay imkoniyat yaratdi. Maishiy gaz ballonni egniga tashlab, gaz quyish shoxobchalariga qatnashga ehtiyoj qolmadi. Maxsus gaz tashish texnikalari belgilangan reja va aniq jadval asosida hududlarga maishiy ballonlarni uzluksiz yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati