Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi B.Abdulazizov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda filial va uning barcha hududiy bo‘limlari mutaxassislari ishtirok etib, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Yig‘ilishda, avvalo, 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama qilindi. Xususan, yer osti gaz tarmoqlarini maxsus uskuna yordamida tekshirib, havo bosimi ostida zichlikka sinash va tozalash,gaz taqsimlash punktlarini taftishdan o'tkazish, ma'nan eskirgan punktlarni zamonaviysiga almashtirish haqida aytib o'tildi.
Shuningdek, tabiiy gaz tarmoqlarining himoya mintaqasida joylashgan turar va noturar joy obyektlarini ko‘chirish bo‘yicha joylarda ishlarni tizimli tashkil etish masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi. Bu borada qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, ish jarayonida huquqiy me’yorlarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish davomida zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Xususan, “ArcGIS” gaz nazorati dasturi orqali tarmoqlarni raqamli xarita asosida monitoring qilish, nosozliklarni tezkor aniqlash va bartaraf etish imkoniyatlari haqida so'z yuritildi.
Bundan tashqari, aholi o‘rtasida gazdan xavfsiz foydalanish madaniyatini oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish masalasi ham ko'tarildi. Xonadonlarda gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish va favqulodda holatlarning oldini olish borasida tushuntirish ishlarini muntazam olib borish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida har bir hududiy bo‘limda obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish yuzasidan ham tegishli vazifalar belgilab berildi. Belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi qat’iy nazoratga olinishi, har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar o‘z faoliyatini yanada kuchaytirishi lozimligi ta’kidlandi.
"Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati