Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Isteʼmolchilarga tabiiy gazni bir maromda va uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash soha xodimlari oldida turgan muhim vazifalardan biri sanaladi. Tabiiy gaz yetkazib berish jarayonlari esa puxta tayyorgarlikni, topshirilgan vazifaga masʼuliyat bilan yondashuvni talab etadi. Navoiy viloyat prokuraturasi ishchi guruhi tomonidan Navoiy shahri isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berilishi borasida “Navoiyshahargaz” gaz taʼminoti bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli o‘rganildi.
Shaharda tabiiy gaz isteʼmolchilari soni 58 mingtani tashkil etadi. Hududda 163 ta gaz taqsimlash qurilmalari mavjud bo‘lsa, shundan 14 tasini yuqori bosimli, qolgani esa o‘rta bosimli gaz taqsimlash qurilmalaridan iborat. O‘rganish jarayonida joylarda gaz taqsimlash qurilmalarining texnik sozligi, aholiga tabiiy gazni bir maromda yetkazilish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, shaharning “Bunyodkor” mahallasidagi mavjud gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga solinishi taʼminlandi. Bundan tashqari, taʼmirtalab holga kelgan ayrim GTQ larda aniqlangan kamchiliklar shu kunning o‘zida bartaraf etildi.
Bundan tashqari, hududda tabiiy gazga noqonuniy ulanishlar oldini olish borasida doimiy reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Shunday nazorat tadbirlari davomida aniqlangan noqonuniy ulanishlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmoqda. Shu bilan birga debitor qarzdorlikni undirish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Natijada shahar bo‘yicha jami 517, 3 million so‘mlik debitor qarzdorlik undirilishi taʼminlandi. Tabiiy gazdan qarzdorligi mavjud 10 ta isteʼmolchi esa tabiiy gaz tarmog‘idan uzildi.
O‘rganish ishlari davomida gaz taʼminoti bo‘limining tegishli xodimlariga barqaror gaz taʼminoti tizimini taʼminlash, aholi murojaatlarini tezkor o‘rganish va barcha yo‘nalishlarda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi taʼkidlandi. Yakunda masʼullarga zarur topshiriq va vazifalar berildi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati