Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Tabiiy gazdan to‘g‘ri va oqilona foydalanish har bir isteʼmochining vazifasi hisoblanadi. Ozgina beparvolik, gaz va gaz jihozlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish esa turli ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shunga ko‘ra, “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali va shahar, tuman hududlariga masʼul gaz idorasi vakillari tomonidan keng tartibda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, bu kabi tadbirlar aholi ko‘p to‘planadigan gavjum maskanlar, masjidlarda ham uyushqoqlik bilan bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi viloyat vakilligiga qarashli “Hazrat Alisher Navoiy” jomeʼ masjidida ham “Navoiyshahargaz” gaz taʼminoti bo‘limi xodimlari tomonidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Aytish kerakki, mazkur masjidda Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan o‘qiladigan Taroveh namozlarida mingdan ortiq fuqarolar yig‘ilishadi. Bu esa ularning xavfsizligiga yondashish yana-da muhim va dolzarb masala ekanini ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra, targ‘ibot davomida masjid xodimlari bilan uchrashilib, binoda gaz taʼminoti tizimi xavfsizligi ko‘zdan kechirildi. Is gazidan zaharlanishga olib keluvchi sabablarga yo‘l qo‘ymaslik tushuntirildi. Tabiiy gaz va gaz jihozlaridan qoidalarga muvofiq foydalanish zarurligi taʼkidlandi.
Targ‘ibot davomida xavfsizlikka oid eslatma materiallari tarqatildi. Bu kabi targ‘ibotlar viloyatdagi boshqa masjidlarda ham doimiy o‘tkazib kelinmoqda.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati