Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Yoshlar- yurtimiz kelajagi. Ularni qo‘llab-quvvatlash, imkoniyat va imtiyozlar yaratib berish esa yigit-qizlarni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yana-da oshiradi. Har payshanba idora va tashkilotlarda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlarini tashkil etilishi esa ayni maqsad yo‘lidagi qadamlardan biridir. Bugun “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali direktori Mahmud Normamatov gaz sohasida ishlab kelayotgan bir guruh yoshlar bilan uchrashdi.
Gaz taʼminoti filiali majlislar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda filial, shahar, tumangaz gaz taʼminoti bo‘limlaridan yoshlar, filial yoshlar yetakchisi, maʼnaviy- maʼrifiy ishlar bo‘yicha masʼul xodimlar, shuningdek, filial boshlang‘ich kasaba uyushmasi xodimlari ishtirok etishdi. Uchrashuvda dastlab M. Normamatov so‘z olib, yurtimizda yoshlarga yaratilgan keng imkoniyatlar va ularning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Bugungi kunda ham tizimda viloyat bo‘yicha yuz nafarga yaqin yoshlar borligi, ular orasida iqtidorli, bilimli yigit-qizlar, sportchilar ham o‘rni olgani mamnunlik bilan qayd etildi.
Shundan so‘ng yoshlar bilan samimiy muloqot kechdi. Gaz taʼminotida yetuk kadr bo‘lish uchun o‘z ustida ko‘p ishlash, o‘qib-o‘rganish lozimligi, “ustoz-shogird ” anʼanalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerakligi aytib o‘tildi. Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflarni o‘rtaga tashlashdi. Rahbar tomonidan ularning har bir taklifi qabul qilinib, bu bo‘yicha qilinadigan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Ayrim masalalar bo‘yicha esa tegishli xodimlarga topshiriqlar berildi.
Tadbir so‘ngida yig‘ilgan yoshlarga rahbariyat va filial boshlang‘ich kasaba uyushmasi tomonidan badiiy kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Bu kabi yoshlar bilan uchrashuvlarni har hafta MFYlar ishtirokida ham o‘tkazish belgilab olingan.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati