Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bahorning dastlabki kunlari nisbatan sovuq ob-havo, yomg‘irli kunlar bo‘lishiga qaramay gaz taʼminotida ishlar to‘xtab qolgani yo‘q. Jumladan, Qiziltepa tumanida ham tumangaz gaz taʼminoti bo‘limi xodimlari tomonidan belgilangan ishlar bajarib kelinmoqda.
Tumanda 22 ming 252 ta xonadonga tabiiy gaz yetkazib beriladi. Isteʼmolchilarga tabiiy gazni bir maromda yetkazib berilishi borasida esa joriy yil boshidan buyon bir qancha ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, tumanning ikki mingga yaqin aholiga ega “Malikobod” mahallasidagi maʼnan eskirgan yuqori bosimli gaz taqsimlash qurilmasi o‘rniga yangi zamonaviy gaz taqsimlash qurilmasi o‘rnatildi.
Bu esa mahalla isteʼmolchilariga tabiiy gazni bir maromda va uzluksiz yetkazilishini taʼminlaydi.
- Mahallamizda yangi gaz maromlash qurilmasi o‘rnatilganidan mamnunmiz, - deydi MFY oqsoqollaridan biri Ergash ota Rajabov. – Bu albatta, tabiiy gazni chekka hovlilargacha bir maromda yetib borishini taʼminlaydi. Tabiiy gazdan muammoimiz yo‘q. Tumangaz gaz taʼminoti bo‘limi xodimlariga yomg‘irli, salqin kunlarda ham tinim bilmay ish olib borayotgani uchun rahmat aytamiz.
Joriy yil boshidan tuman bo‘yicha o‘nta GTQ lari demontaj qilindi. Shu bilan birga joylarda “Qiziltepatumangaz” gaz taʼminoti bo‘limi xodimlari tomonidan aholi xonadonlariga regulyator o‘rnatish, gaz taʼminotini uch bosqichlidan ikki bosqichliga o‘tkazish ishlari ham olib borilyapti. Muammoli elekton gaz hisoblash uskunalari aloqaga chiqarilmoqda, EGHU sim-karta, batareyalari almashtirilmoqda. Jumladan, joriy yil davomida tuman bo‘yicha 250 ta xonadon gaz taʼminoti uch bosqichlidan ikki bosqichliga o‘tkazildi.
Ayni paytda ob-havo nisbatan sovuganiga qaramay gazchilar tomonidan joylarda qizg‘in ish faoliyati olib borilyapti.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati