Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Gaz ta’minoti tizimida zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish ishlari izchil davom etmoqda. “Hududgazta’minot” AJ tomonidan zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida “ArcGIS Enterprise Advanced” dasturiy ta’minoti asosida “ArcGIS–HGT Onlayn boshqaruv” tizimi amaliyotga tatbiq etildi.
Mazkur tizim orqali “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialiga qarashli barcha shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan chilangar xodimlarning kundalik mehnat faoliyatini nazorat qilish hamda hisobini yuritish ishlari sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, tezkor va samarali ish yuritishni ta’minlash maqsadida “Namanganshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limining gaz ta’minoti obyektlarini texnik tiklash va ishlatish xizmati xodimlariga planshetlar topshirildi. Dastlab filial mutaxassisi tomonidan ushbu qurilmalarga “ArcGIS Quick Capture” mobil ilovasi o‘rnatilib, xodimlarga undan foydalanish bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi.
Endilikda chilangarlar “Quick Capture” mobil ilovasi orqali har kuni bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlarni “ArcGIS–HGT Onlayn boshqaruv” tizimiga onlayn tarzda yuborishadi. Tizimga kelib tushgan ma’lumotlar avtomatik ravishda umumlashtirilib, tahlil qilinadi. Natijada har bir xodimning mehnat faoliyati, shuningdek, lavozim yo‘riqnomasida belgilangan vazifa va majburiyatlarning to‘liq hamda sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat olib borish imkoniyati yaratiladi.
Planshetlarni qabul qilib olgan chilangarlar yangi texnologiyadan tezkor foydalanishni boshlab, tizimning qulayligi va samaradorligini amalda sinab ko‘rishmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sohada raqamlashtirish jarayonlarining kengayishi gaz quvurlari va qurilmalarini masofadan turib onlayn nazorat qilish, yuzaga keladigan avariya va nosozliklarni tezkor aniqlash hamda ularni qisqa fursatda bartaraf etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bu esa, o‘z navbatida, gaz ta’minoti tizimining barqaror ishlashini ta’minlash hamda iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladi.
"Hudugaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati