Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Tabiiy gazdan foydalanganda xavfsizlik qoidalariga rioya etish har bir isteʼmolchi uchun zarur sanaladi. Gohida ozgina beparvolik, eʼtiborsizlik ham ko‘ngilsiz hodisalarga sabab bo‘lishi hech gap emas. Bu kabi holatlar oldini olish maqsadida gaz taʼminoti bo‘limlari xodimlari tomonidan joylarda muntazam targ‘ibot tashviqot ishlari o‘tkazib kelinmoqda. Shunday tadbirlardan biri Qiziltepa tumanining ko‘pqavatli uylar joylashgan “Alisher Navoiy” mahallasida bo‘lib o‘tdi.
Tumanda tabiiiy gaz isteʼmolchilari soni jami 22 480 tani tashkil etsa, shundan 20 520 tasi hovli joylarga, 1 960 tasi esa ko‘pqavatli uylardagi isteʼmolchilarga to‘g‘ri keladi. “Qiziltepatumangaz” gaz taʼminoti bo‘limi xodimlari tomonidan ko‘pqavatli uylarda ham gazdan xavfsiz foydalanish maqsadida targ‘ibotlar doimiy o‘tkazib kelinadi. Jumladan, “Alisher Navoiy” mahallasida o‘tkazilgan targ‘ibotda ham MFY aholisiga tabiiy gazdan to‘g‘ri va oqilona foydalanish, gaz plita ustida kir quritmaslik, gaz jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik, yosh bolalarga ishonib topshirmaslik, qo‘lbola nostadart gaz pechlaridan foydalanmaslik va boshqa holatlar bo‘yicha atroflicha maʼlumotlar berildi. Shuningdek, aholi vakillariga tabiiy gazdan xavfsiz foydalanish qoidalari aks etgan eslatmalar tarqatildi.
Is gazidan zaharlanish og‘ir oqibatlari, unga sabab bo‘luvchi holatlar haqida taʼsirchan misollar bilan tushuntirish ishlari olib borildi.
Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, joriy yil davomida olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida tabiiy gaz yo‘nalishida 135 ta kamchilik aniqlangan bo‘lsa, ularning aksariyati bartaraf etilishiga erishilgan. Shu bilan birga tuman bo‘yicha joriy yil shu davriga qadar aholiga 11 ming 200 ta eslatmalar tarqatilishi taʼminlangan.
Ayni mavzuga oid targ‘ibotlar esa tuman bo‘ylab davom etmoqda.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati