Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Baliqchi tumanining “Jasorat” mahallasi ahli respublikamizda oʻziga xos anʼanasi bilan mashhur. Mahalla ahli asosan ulov sifatida velosipeddan foydalanishadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham jasoratliklar haqida koʻp yozishgan. Lekin biz ayol-u erkagi velosipedni xush koʻruvchi odamlar haqida emas, balki ularga tuman gaz taʼminoti tomonidan koʻrsatilayotgan xizmat haqida gapirmoqchimiz.
Mahallada bugungi kunda 808 nafar suyultirilgan gaz isteʼmolchilari bor. Ular maishiy hayotlarida mingdan ortiq gaz ballonlaridan foydalanib kelishadi. Har bir bir isteʼmolchi onlayn tizim haqida allaqachon maʼlumotga ega boʻlgan, suyultirilgan gaz olishda maxsus kartalardan foydalanib kelishadi. Gaz yetkazib beruvchi maxsus avtotransport vositasida esa nazorat tarozisi odamlar xizmatiga doimo shay. Kim soʻrasa, oʻsha odamga darrov gaz balloni taroziga qoʻyib, nazoratdan oʻtkazilib beriladi.
“Gazlarimizni oʻz vaqtida olib kelishadi, — deydi mahalla faollaridan Xadicha aya Norqulova. – Xudoga shukr, oʻtin-choʻpni faqat tandirda non pishirishga ishlatamiz. Ovqat va choy gazda. Kelinlarim ham qiynalishmaydi. Nevaralarimga yoshlikda qanday qiyinchilik bilan ovqatlar qilganimizni yoki chovgumlarda choy qaynatagnlarimizni aytib beraman. Shukrki, ular biz koʻrgan kunlarni koʻrmadi, koʻrishmasin ham”.
Yil boshidan beri mahalla ahliga “Baliqchitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi tomonidan 20 tonnadan ziyod suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Oraliq muddat 45 kundan oshmasligiga qatʼiy eʼtibor qaratilgan. Gaz yetkazib berish davomida esa, isteʼmolchilarga gazdan oqilona va xavfsiz foydalanish boʻyicha ham tavsiya va tushunchalar berilmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati