Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Buloqboshi tumanining “Baynalminal” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi 890 nafar aholi suyultirilgan gaz isteʼmolchilari hisoblanadilar. “Buloqboshitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi tomonidan ushbu MFYda ham “mahallabay” tizimida ish tashkil etilgan boʻlib, har oyning belgilangan sanasida suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, “Buloqboshitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimining suyultirilgan gaz yetkazib berish boʻlimi texnik xodimlari va chilangarlari boʻsh vaqtlarida isteʼmolchilarga gaz xoʻjaligidan toʻgʻri foydalanish qoidalarini tushuntirib bermoqdalar. Har bir isteʼmolchi bilan uy sharoitidan kelib chiqib suhbatlashilmoqda. Oshxona, gaz plitasi va maishiy gaz ballonlar oraliq masofasi, reduktor va boshqa ehtiyot qismlaridan toʻgʻri foydalanish kabilar uqtirilmoqda.
“Tumanimizda jami boʻlib 17 235 ta suyultirilgan isteʼmolchilari mavjud. Yil boshidan beri isteʼmolchilarimizga 458 tonnadan ziyod suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Mavsumda maishiy gaz ballondan foydalanish boʻyicha isteʼmolchilar bilan suhbatlar olib bormoqdamiz. Mana bugun ham “Baynalminal” MFY oʻramidagi aholi xonadonlarida targʻibot ishlarini davom ettirmoqdamiz,” — deydi biz bilan suhbatda “Buloqboshitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimning suyultirilgan gaz yetkazib berish boʻyicha texnigi Muzaffar Aripov.
Bugun buloqboshilik isteʼmolchilar suyultirilgan gaz bilan taʼminlanish bilan birga, undan toʻgʻri va oqilona foydalanish boʻyicha tavsiyalar olmoqdalar. Bu esa, faqat va faqat ularning xavfsizligiga xizmat qilishiga shubhamiz yoʻq.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati