Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
O‘zbekiston bo‘ylab atrof-muhitni asrash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va yashil hududlarni kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga start berildi.
Mazkur ezgu tashabbus doirasidagi tadbir Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Tadbir YUNESKOning Samarqand shahrida o‘tayotgan 80-assambleyasi ruhiga hamohang tarzda tashkil etilib, xalqaro darajadagi ekologik g‘oyalarni targ‘ib etish, tabiatni muhofaza qilish va yashil hayot tarzini keng joriy etishga qaratildi.
Tadbirda “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali jamoasi ham faol ishtirok etdi. Xodimlar tomonidan bog‘ hududida manzarali, tez o‘suvchi daraxt ko‘chatlari ekildi.
Filial rahbariyati ta’kidlaganidek, “Yashil makon” loyihasi – bu nafaqat ko‘chat ekish, balki kelajak avlod uchun toza havo va sog‘lom ekologik muhit yaratish demakdir. Shu bois, filial jamoasi yilning har bir faslida mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, atrof-muhitni asrash yo‘lida amaliy ishlarni davom ettirmoqda.
Mazkur tadbir, shubhasiz, ekologik madaniyatni yuksaltirish, aholi o‘rtasida tabiatga e’tiborli munosabatni shakllantirish hamda “Yashil makon” g‘oyasini hayot tarziga aylantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi.
"Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati