Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” AJ Boshqaruv raisining topshirigʻi bilan respublikaning barcha hududlari, xususan, Fargʻona viloyatida ham tabiiy gaz taʼminotida noqonuniy holatlarni aniqlash va ularni oldini olishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Viloyat gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman/shahar gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari va hamkor tashkilotlar ishtirokida oʻtkazilgan reydlarda noqonuniy holatlar aniqlandi.
Quva tumani “Taxtakoʻprik” MFYda joylashgan umumiy ovqatlanish maskanida tabiiy gazdan foydalanish holati oʻrganilganda, isteʼmolchi gaz taʼminoti korxonasi bilan tegishli shartnoma tuzmasdan “zangori yoqilgʻi”dan noqonuniy foydalanib kelayotgani maʼlum boʻldi. Holat boʻyicha dalolatnoma tuzilib, qayta hisob-kitob amalga oshirildi va 1 milliard 144 million soʻm miqdorida zarar hisoblandi.
Yana bir qonunbuzilish holati Fargʻona tumanida qayd etildi. “Tinchlik” MFYdagi novvoyxona egasi tabiiy gazdan loyiha-texnik hujjatlari rasmiylashtirmasdan tarmoqqa ulangan holda foydalanayotgani fosh etildi. Mazkur holat boʻyicha 733 million 428 ming soʻmlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Yuqoridagi noqonuniy holatlar boʻyicha barcha hujjatlar huquq-tartibot organlariga yuborildi. Mazkur yoʻnalishdagi nazorat tadbirlari respublikaning barcha hududlarida davom ettirilmoqda.