Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi sohaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba va axborot almashish maqsadida qoʻshni respublikaning “QazaqGaz Aimaq” AJ mutaxassislari amaliy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi.
Tashrifning ikkinchi kuni “QazaqGaz Aimaq” AJ delegatsiyasi hududlarga chiqqan holda amaliy jarayonlarni oʻrgandi. Mehmonlar dastlab “Texnopark” MCHJga qarashli korxonaga tashrif buyurishdi. Ushbu ishlab chiqarish korxonasida tabiiy gaz taʼminoti sohasida foydalaniladigan zamonaviy elektron hisoblagichlar va nazorat uskunalari tayyorlanadi. Qozogʻistonlik mutaxassislarga ishlab chiqarish jarayoni, uskunalarning texnik xususiyatlari hamda ichki bozordagi va eksportdagi ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shundan soʻng delegatsiya Toshkent viloyatining Parkent tumanida boʻlib, “Parkent tajribasi” asosida yoʻlga qoʻyilgan avtomatlashtirilgan mahalla isteʼmol nazorat-hisob balansi tizimi bilan tanishdi. Respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan mazkur loyiha tabiiy gazdan foydalanishda aniqlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Mehmonlar ushbu loyihaga yuqori baho berib, uning samaradorligi va amaliyotga joriy etish mexanizmlari bilan yaqindan tanishdilar.