Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi Yangi Oʻzbekiston Yoshlar Ziyo oʻquv maskanida “Hududgaztaʼminot” AJ Boshqaruvi raisi M. Xodjayev ishtirokida rahbar va yoshlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Jamiyatning bir guruh mutasaddilari hamda Namangan viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshligʻi B. Mirzatov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning kasbiy rivoji, bandligini taʼminlash, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda sohada malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, yosh mutaxassislarning bilim va koʻnikmalarini oshirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta tayyorlash, ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etish hamda ularning gʻoya va innovatsion takliflarini amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari muhokama qilindi.
Shuningdek, yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, stajirovka va amaliyot dasturlarini kengaytirish, rahbarlar tomonidan ustoz-shogird anʼanasini yoʻlga qoʻyish masalalari ham alohida qayd etildi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga bevosita Jamiyat rahbaridan toʻliq va asosli javoblar olish imkoniga ega boʻldi.
Uchrashuv doirasida “Hududgaztaʼminot” AJ va Yangi Oʻzbekiston yoshlar ziyo maskani rahbariyati oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum asosida yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini keng targʻib qilish, muntazam mutolaa uchrashuvlari oʻtkazish, ijodiy muloqotlar, kitob taqdimotlari hamda turli maʼnaviy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur uchrashuv yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish va kelajakda sohadagi faol ishtirokini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.