Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
"Hududgazta’minot" AJda Birlashgan Arab Amirliklarining "Esyasoft Holding" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda O‘zbekiston gaz ta’minoti tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish va yo‘qotishlarni kamaytirishga qaratilgan investitsion takliflar muhokama qilindi.
"Esyasoft Holding" sun’iy intellekt asosidagi raqamli yechimlarni energetika hamda kommunal xo‘jalik infratuzilmasiga, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga keng joriy etib kelayotgan yirik kompaniyalardan biridir.
Kompaniya O‘zbekistonda amalga oshiriladigan loyihalar doirasida investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Dastlabki bosqichda "Hududgazta’minot" AJ tizimida "Tabiiy gaz iste’molini boshqarishning raqamli tizimini joriy etish" loyihasi taqdim etildi.
Mazkur loyiha respublika bo‘yicha tabiiy gaz taqsimoti va iste’molini aniq hisobga olish, shuningdek, mavjud yo‘qotishlarni sezilarli kamaytirish imkonini beradi. Taklif etilayotgan yechimlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- o‘rta bosimli quvurlarni zamonaviy hisoblash uskunalari bilan jihozlash; - gaz taqsimlash tarmoqlarining elektron xaritasini shakllantirish.
"Esyasoft Holding" kompaniyasi loyiha amalga oshirilishi natijasida tijorat va texnik yo‘qotishlar 70–80 foizga kamayishi, gaz hisobida 99,8 foiz aniqlikka erishilishi, tizim operatsion xarajatlari 25 foizga qisqarishi hamda avariyaviy holatlarda tezkor choralar ko‘rish tezligi 60 foizga oshishini ko‘zda tutmoqda.
Muzokaralar yakunida tomonlar taklif etilgan texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish va loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.