Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugungi kunda gaz ta’minoti sohasida qator islohotlar amalga oshirilib, ta’minot borasida tubdan o‘zgarishlar qilinmoqda. Bunda tarmoqlarni qayta rekonstruksiya qilish, yangi tarmoq tortish orqali tabiiy gaz ta’minotidagi mavjud muammolarga yechim izlanmoqda. Paxtaobod tumanidagi “Madaniyat-1” avtomatik gaz tarqatish shoxobchasi tuman markazidan 18-20 km masofada joylashganligi sababli tabiiy gaz ta’minotida, ayniqsa kuz-qish isitish mavsumida magistral gaz quvurlarida tabiiy gaz bosimi pasayishi bois aholi xonadonlarida uzilishlar kuzatilmoqda edi. Mana shu muammolarni yechish va u orqali aholiga tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish maqsadida yangi gaz tarmog‘i tortilmoqda.
“...Paxtaobod tumani “Bo‘stonobod” MFY hududidagi “Madaniyat - 1“ AGTSh aholi tarmog‘idan “Navbahor” MFY o‘ramidagi “A.Navoiy” ko‘chasi boshlanish qismi, Paxtaobod markazi yo‘nalishidagi diametri D-273 mm yuqori bosimli gaz tarmog‘igacha diametri D-159 mm bo‘lgan 3,2 km gaz tarmog‘ini qurish ishlari boshlandi. Ushbu tarmoq ichki imkoniyatlar orqali suyultirilgan gazga moslashtirilgan hududlaridagi gaz tarmoqlarini demontaj qilish orqali amalga oshirilmoqda..” – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Xurshidbek Qodirov.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filialining qurilish-montaj boshqarmasi tomonidan tortilayotgan tarmoq natijasida tuman markazidagi “Nodirabegim”, “Qo‘qonqishloq”, “Muazzinboy”, “Boburmirzo”, “Navro‘z”, “Mustaqillik”, “Yuqori”, “Habibiy” kabi 20 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi jami 7 727 ta aholi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati