Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Gaz ta’minotidagi “aqlli” gaz hisoblagichlarning iste’molchilar xonadoniga o’rnatilishi eng zo’r yangilik bo’ldi. 2021-yilda o'rnatib ketishgandi, bir yilcha bo’ldi undan foydalanib kelayotganligimizga. Muhimi, qarzdorligimiz yo’q, vaqtida to’laymiz, gazdan unumli foydalanib kelyapmiz, tejamkorlikni o’rgandik”, – deydi Shayxontohurning “Katta hovuz” mahalla fuqarolar yig’inida istiqomat qiluvchi Zarina Nizamova.
Darhaqiqat, o’z nomi bilan “aqlli” deya nomlanuvchi hisoblagich aholining to’lov intizomini shakllantirish barobarida tabiiy gazdan oqilona va to’g’ri foydalanishga boshladi. Qaysi bir fuqaro bilan shu haqida suhbatlashsangiz aksariyati qarzdorlik ko’rsatkichlarining kamayganligini, muhimi, tejamkorlikka o’rganib qolganligini ta’kidlaydi. Aslida ham shunday. Bu tizim orqali tabiiy gaz sarfi inson omilisiz avtomatik ravishda hisoblanib, aholining to’lov madaniyatini rivojlantiradi, ogohlikka chaqiradi.
Bugun Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi tabiiy gaz iste’molchilarning 211 ming nafardan ortig'ining xonadoniga hisoblagich o’rnatildi. Jumladan, Shayxontohur tumanining 24 mingga yaqin xonadoni to’liq “aqlli” hisoblagichlar bilan ta’minlandi. Xodimlar tomonidan ularga hisoblagichdan to’g’ri foydalanish bo’yicha tegishli tartibda yo’riqnomalar ham berib o’tilmoqda. Joylarda hisoblagichlardan noto’gri foydalanib kelayotganlar ham yo’q emas. Bu bo’yicha mutaxassislar o’zlarining tushuntirishlarini olib borar ekan, avvalo, qarzdorlik to’lovini vaqtida amalga oshirish lozimligi, hisoblagichning butlovchi qismlariga aslo zarar yetkazmaslik zarurligi ham ta’kidlanmoqda.
Poytaxtimizda aholi xonadonlariga hisobdonlarning o’rnatilishi davom etmoqda.
“Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati