Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Xo‘jaobod tumanidagi “Beshqovoq” mahalla fuqarolar yig‘ini Imomota tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan. Ushbu MFY o‘ramida 554 ta xonadonda 3000 dan ortiq fuqarolarimiz istiqomat qilib kelmoqda. “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali direktoring suyultirilgan gaz masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sardorbek Nurmatov mazkur MFYda bo‘lib, mahalla ahli bilan suyultirilgan gaz ta’minoti borasida fuqarolar bilan uchrashdi.
Tuman gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan mahalla ahliga 814 dona maishiy gaz ballonlari ijara shartnoma asosida tarqatilgan. Aholining maishiy gaz ballon bilan ta’minlanganlik darajasi 146 foizni, iste’mochilarga suyultirilgan gaz yetkazib berishning o‘rtacha davriyligi esa 38-43 kunni tashkil etmoqda. O‘tgan davr mobaynida mahalla ahliga 57 tonna 560 kg gaz yetkazib berilgan bo‘lib, belgilangan reja 120 foizga bajarilmoqda.
Mahalla ahli bilan uchrashuv davomida gaz ta’minoti masalasi o‘rganildi. Shuningdek, suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi yangi tizim FaceID tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi. Maishiy gaz ballondan foydalanish qoidalari, ularni xizmat ko‘rsatig muddatlari bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
“Shukr gazlarni o‘z vaqtida yetkazib berishyapti. Avvallari 60-70 kunda kelgan kunlar ham bo‘lardi, hozir 40 kunga ham bormayapti,- deydi “Madaniyat” ko‘chasida istiqomat qiluvchi iste’molchilardan biri Barchinoy aya Erkaeva. – Hozir kunda ikki-uch mahal qozon qaynatamiz, choy qo‘yamiz. Gaz idorasi xodimlariga rahmat. Ballonimizdagi gaz tugagunga qadar yetkazib kelishyapti va o‘rnida boshqa gaz to‘la ballonga almashtirib berishyapti. Baraka topishsin.”
Har bir maishiy gaz balloni iste’molchilarga nazorat tarozilaridan o‘tkazib berilmoqda. Mahalla ahlining har biri o‘z xonadonlari oldiga bo‘shagan maishiy gaz ballonlarini ham qo‘yib qo‘yishibdi. Demakki, mahallada xonadonma-xonadon suyultirilgan gaz tarqatish tartibi allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati