Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib, ularni qoʻllab-quvvatlash va har tomonlama rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilyapti. Joriy yil 14-fevralda oʻtkazilgan Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, “Hududgaztaʼminot” AJ ham ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqda va yoshlarga yaqindan koʻmak koʻrsatishni oʻzining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilagan.
“Hududgaztaʼminot” AJ rahbariyati ishtirokida “Hududgaz Toshkent” va “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiallari hamda Jamiyatga biriktirilgan Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqot oʻtkazildi. Jami 300 ga yaqin yoshlar ishtirok etgan tadbirda “Hududgaztaʼminot” AJ boshqaruv raisi Marufxon Xodjayevning ishonchli vakili, Jamiyat rahbarining birinchi oʻrinbosari Davron Maksudov ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglandi, ularning kelajakdagi rejalari va qiziqishlari yuzasidan fikr almashildi. Muloqot jarayonida Jamiyat tomonidan yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, ularning hayotda munosib oʻrin topishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida soʻz yuritildi. Tadbirda gaz taʼminoti tizimida oʻzining yetakchilik fazilatlari, masʼuliyati va tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan faol yoshlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Uchrashuv davomida Oʻrtachirchiq tumanida istiqomat qilayotgan yoshlarga oʻzlarini qiziqtirgan kasb-hunar yoʻnalishlari boʻyicha Jamiyat tomonidan maxsus yoʻllanmalar va zaruriy ish qurollari topshirildi. Ushbu ezgu tashabbus yoshlarning jamiyatda munosib oʻrin egallashlariga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida D. Maksudov yoshlarga ishonch bildirib, ularni doimo izlanishga, bilim va kasb oʻrganishga, tashabbuskor boʻlishga undadi. Shuningdek, Jamiyat tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi bunday tashabbuslar izchil davom ettirilishi alohida taʼkidlandi.