Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Ushbu yoʻnalishda joylarda amaliy ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Aholi murojaatlarini joyida oʻrganish va tezkor hal etish maqsadida Toshkent viloyatining olis hududi hisoblangan Angren shahrining “Lashkarak” MFYda “Hududgaztaʼminot” AJ Boshqaruv raisi M. Xodjayev ishtirokida sayyor qabul boʻlib oʻtdi. Tadbirda “Hududgaztaʼminot” AJ rahbariyati, “Hududgaz Toshkent” gaz taʼminoti filiali mutasaddilari hamda Respublika ishchi guruhi vakillari ishtirok etdi.
Yuzga yaqin murojaatchilar ishtirok etgan sayyor qabul davomida kelib tushgan murojaatlarning 90 foizi joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
“Hududgaztaʼminot” AJ tashabbusi bilan oʻtkazilgan mazkur sayyor qabulda Angren shahar hokimi hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi. Bu esa fuqarolarning nafaqat gaz taʼminoti, balki boshqa yoʻnalishlardagi murojaatlarini ham kompleks tarzda koʻrib chiqish imkonini yaratdi.
Tadbir doirasida koʻrgazmali saf koʻrigi tashkil etilib, suyultirilgan va tabiiy gaz taʼminoti jarayonlari, xavfsizlik qoidalari hamda zamonaviy xizmatlar boʻyicha tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, maxsus guruhlar tomonidan mahallada xonadonma-xonadon oʻrganish ishlari amalga oshirilib, mavjud muammolar joyida bartaraf etildi hamda aholiga xavfsizlik boʻyicha tavsiyalar berildi.
Maʼlumot uchun, Angren shahridagi “Lashkarak”, “Nishbosh” va “Jigariston” mahallalarida jami 1,1 mingga yaqin suyultirilgan gaz isteʼmolchilari mavjud boʻlib, ular belgilangan reja-grafik asosida maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlab kelinmoqda.
Bunday sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni taʼminlash, muammolarni joyida hal etish hamda xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.