Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentyabrdagi PQ–286-sonli qarori ijrosi doirasida “Hududgaztaʻminot” AJ tizimida gaz toʻldirish inshootlari faoliyatini raqamlashtirish va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Jamiyat tasarrufidagi gaz toʻldirish inshootlarida mavjud 24 ta bosim ostida ishlovchi sigʻimlarga zamonaviy elektron sath oʻlchagichlar (urovnemerlar) oʻrnatish ishlari amalga oshirildi. Xususan, 4 ta uskuna Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi inshootga, qolgan 20 tasi esa Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa, Shahrixon va Asaka hududlaridagi inshootlarga oʻrnatildi.
Ushbu elektron uskunalar koʻp funksiyali boʻlib, sigʻim ichidagi suyultirilgan gazning sathi, harorati, zichligi, bosimi, hajmi va massasini aniq oʻlchash hamda maʼlumotlarni real vaqt rejimida uzatish imkonini beradi. Shuningdek, maxsus dastur orqali bugʻ fazasi miqdorini hisoblash imkoniyati ham yaratilgan.
Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi inshootda oʻrnatilgan uskunalar joriy yil mart oyida “E-gaz” axborot tizimiga integratsiya qilinib, suyultirilgan gazni qabul qilish, saqlash va tarqatish jarayonlarini markazlashgan holda onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.
Andijon viloyatidagi Qoʻrgʻontepa, Shahrixon va Asaka inshootlarida oʻrnatilgan elektron uskunalar hozirda sinov rejimida ishlab turibdi. Ularni ham “E-gaz” tizimiga bosqichma-bosqich integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur ishlar gaz taʼminoti tizimida shaffoflikni oshirish, resurslar hisobini aniq yuritish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali sohaning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.