Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Joylarda tabiiy gaz ta’minoti uchun to’lov tizimini soddalashtirish hamda mavjud qarzdorlikning oldini olish maqsadida xonadonlarda “aqlli” hisoblagichlar o’rnatilmoqda. Bu raqamlashtirish texnologiyasi qarzdorlik ko'rsatkichining bir necha barobarga kamayishiga olib kelmoqda. Ta’kidlash lozim, Buxoroda ham amaliy ishlar jadal suratlarda olib borilayotgan bo’lib, rejaga muvofiq 262 mingdan ortiq xonadonda zamonaviy hisoblagichlar o’rnatilishi belgilangan. Bugunga qadar esa 257805 ta xonadon ushbu qurilmalardan foydalanib kelmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil avgust oyidagi “Respublika iste’molchilarini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Unga ko’ra tabiiy gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va yanada rivojlantirish hamda mavjud quvvatlardan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida aniq vazifalar belgilab berildi. Jumladan, jalb qilinayotgan investitsiya mablag‘laridan samarali foydalanish uchun Navoiy va Buxoro viloyatlarida hamda Toshkent shahrida markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan hamda tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lmagan 11,5 mingta ko‘p qavatli uylarda elektron gaz hisoblagichlar ushbu uylarning kirish qismidagi umumiy gaz quvurlariga o‘rnatilishi belgilab berildi. Buxoroda ham qaror ijrosi bugun ta’minlanmoqda. Bu bo’yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amaliy ishlar samarali tashkil etilmoqda.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo’lsak, Buxoro shahrida jami ko’p qavatli uylar soni 711 tani, qamrab olingan xonadonlar soni esa 10697 tani tashkil etadi. Ularning 413 tasida 600 dan ortiq “aqlli” hisoblagichlar o’rnatildi. Jarayonlar viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati