Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvarda imzolangan “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘gʻrisida”gi qarorining 13-bobining 135-bandida gaz ta’minoti tashkiloti hamda tabiiy gaz iste’molchisining huquq va majburiyatlari belgilab qo’yilgan. Joylarda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan bu bo’yicha targ’ibotlar olib borilmoqda, aholining gaz jihozlari esa texnik, profilaktik ko’rikdan o’tkazilmoqda.
“To’g’ri muammolar yo’q emas, – deydi gaz ta’minoti filiali bo’lim boshlig’i Sa’dullo Xalilov, ba’zi iste’molchilar gaz jihozlarining sozligiga e’tibor qaratishmaydi, bu e’tiborsizlik natijasi o’laroq turli baxtsiz hodisalar yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun joylarda xodimlar tomonidan targ’ibotlarga ahamiyat qaratilmoqda. Gaz jihozlarining texnik ko’rigini tashkil etish majburiyligi ta’kidlanmoqda. Nafaqat aholi, balki ulgurji iste’molchilarning gaz jihozlariga xizmat ko’rsatilishi har bir fuqaroning xavfsizligini ta’minlashda ahamiyatlidir”.
Viloyat bo’yicha joriy yilning bugungi kuniga qadar 160 mingga yaqin iste’molchining xavfsizligi ta’minlandi, ya’ni 156732 ta aholining gaz jihozi texnik ko’rikdan o’tkazildi. 150 dan ortiq chilangar tomonidan belgilangan rejaga muvofiq har bir xonadonning gaz jihozidagi mavjud muammolari aniqlanib, bartaraf etilmoqda.
Ta’minot tomonidan nafaqat tabiiy va maishiy gaz balloni bilan ta’minlash, balki aholining xavfsizligiga e’tibor qaratish ham muhim vazifalardan hisoblanadi. Joylarda yilning o’n ikki oyi davomida bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati