Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan bugun viloyatda istiqomat qiluvchi tabiiy gaz iste’molchilarining 168 mingga yaqin xonadoniga “aqlli” hisoblagichlar o’rnatildi. Ularning billing.hududgaz.uz tizimiga ulanishi natijasida hisob-kitob qilish jarayonida inson omilining ta’siri to’xtatildi. Qarzdorligi mavjud aholiga bu haqida sms-xabarnomalar yuborilmoqda. Xabarnomadan so’ng to’lovlarni amalga oshirmagan va qarzdorligi mavjud bo’lgan iste’molchilarning gaz ta’minoti esa avtomatik tarzda to’xtatilmoqda.
Ta’kidlash lozim, gaz ta’minoti tomonidan iste’molchilarning talab va takliflarini inobatga olgan holda qarzdorlik sabab o’chirilgan xonadonlarning hisoblagichlarini qayta yoqish jarayoni yanada soddalashtirildi.
Endi o’chirilgan gaz hisoblagichlarni qayta yoqish jarayoni mobaynida iste’molchining mobil aloqa vositalariga emas, balki to’g’ridan to’g’ri xonadonlariga o’rnatilgan hisoblagichlaridagi sim-kartaga yuborilgan holda hisobdonning old qismidagi ENTER tugmasini 3 marotaba bosish orqali klapan ochilish imkoniyati yaratildi.
Joylarda bu borada xodimlar tomonidan targ’ibot ishlari olib borilmoqda. Xususan, hisoblagichni qayta yoqish jarayonida e’tiborli bo’lish hamda xavfsizlikka rioya etish lozimligi ta’kidlanmoqda.
To’lov amalga oshirilganidan so’ng iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida hisoblagich tomonidan gaz sizib chiqish yoki chiqmaslik holatini tekshirish uchun 6-10 daqiqalik test rejimi ishga tushadi. Shu vaqt oralig’idagi mavjud barcha gaz jihozlarining kranlari yopiq holatda bo’lishi shart. Agar ushbu talab amalga oshirilmay test rejimini kutmasdan gazdan foydalanish boshlab yuborilsa, iste’molchi haqdor bo’lsa ham hisoblagich takroriy ravishda klapanni yopadi. Bu holat 3 marta takrorlanganidan so’ng hisoblagich avtomatik bloklanadi. Shunday vaziyatda iste’molchi gaz ta’minoti filialining (95) 600 43 53 raqamli ishonch telefonlariga yoki tuman/shahar gaz ta'minoti bo'limlarining 104 raqamli dispetcherlik xizmatiga bog’lanishi shart.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati.