Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” AJning mutaxassislari tomonidan “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali tizimidagi mahalla gazchilari, ulgurji hamda kichik va oʻrta biznes vakillari bilan ishlovchi xodimlarga “onlayn” boshqaruv dasturi boʻyicha tizimdagi yangiliklar yuzasidan seminar oʻtkazildi. Unda dastur boʻyicha mukammal ishlash, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish masalalari yuzasidan maʼruzalar qilindi.
Seminarda shu bilan birga har bir xodimga berilgan maxsus “planshet”lardan toʻgʻri foydalanilmayotganligi, amaliy ishlar sifatli bajarilmayotganligi ham qayd etib oʻtildi. Baʼzi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun dastur bilan toʻliq ishlash, bu esa ish samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi borasida taʼkidlandi. Oʻquv seminari fikr-mulohazalarga boy boʻldi. Savollarga masʼul mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Shuningdek, tizim xodimlarining bildirib oʻtgan takliflari qoʻllab-quvvatlandi.
“Bugungi seminar faoliyatimiz uchun foydali boʻldi, — deydi “Andijonshahargaz” gaz taʼminoti boʻlimining mahalla gazchisi Oybek Xojimatov. – Bugungi faoliyatimizda onlayn boshqaruv orqali kuniga 20 ta topshiriq bilan ishlab kelmoqda edik. Dasturdagi oʻzgarishlar bizga maʼqul boʻldi. Endi topshiriqni oʻzimiz yaratishimiz yoki boshqa kundalik ish tartibidagi muhim savollarimizga ham javob oldik. Bu esa, kelgusi faoliyatimizda qoʻl keladi, deb oʻylayman”.
Gaz taʼminotida avtomatlashtirilgan onlayn tizimning joriy etilishi — bu sohada ishonchlilik, shaffoflik va mijozlarga qulaylik darajasining oshishidir. Bu esa nafaqat aholi, balki sanoat korxonalari uchun ham muhim qulaylik yaratadi.
✍️ “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati