Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Chust tumani "Birlik" mahallasida kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, tabiiy gazdan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni targ‘ib etish maqsadida profilaktik tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda tuman Favqulodda vaziyatlar bo'limi, “Chusttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi hamda tegishli tashkilot vakillari faol ishtirok etdi.
Tadbir davomida aholi o‘rtasida tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish qoidalari, gaz jihozlarining texnik holatini doimiy nazoratda saqlash, nosoz va ma’nan eskirgan uskunalarni zamonaviy, energiya tejamkor gaz jihozlariga almashtirishning ahamiyati haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, is gazi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish, xonadonlarni shamollatib turish, gaz sizib chiqishini o‘z vaqtida aniqlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
“Chusttumangaz” xodimlari tomonidan iste’molchilarga tejamkorlik madaniyatini shakllantirish, gazdan me’yorida foydalanish orqali nafaqat oilaviy byudjetni asrash, balki umumiy energiya resurslarini tejash mumkinligi alohida ta’kidlandi.
Mazkur profilaktik tadbirlar mavsum davomida aholining xavfsizligini ta’minlash, gaz ta’minotida uzilishlar va favqulodda holatlarning oldini olishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
"Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati