Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialining gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish hamda ta'mirlash bo'yicha ish tajribasi korxonaning qurilish va montaj boshqarmasi misolida viloyatlarning gaz ta'minoti filiallari xodimlari ishtirokida o’rganildi.
“Hududgazta’minot” AJ Boshqaruv raisining topshirig’iga asosan gaz ta’minoti filiallari qoshidagi qurilish va montaj boshqarmalari ish samaradorligini oshirish, shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ushbu yo’nalish xodimlari uchun “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida o’quv-amaliy seminari tashkil etildi. Unda yo’nalish xodimlari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etishdi.
Seminardan ko’zlangan maqsad viloyatda gaz ta’minotini yaxshilash uchun olib borilgan amaliy jarayonlar haqida ma’lumot berish, ularni joyida ko’rib, bu bo’yicha tajribalarni o’rganish bo'lib, olib borilgan ishlar to’g’risida dastlab soha vakillari tomonidan taqdimotlar qilindi. Jumladan, rekonstruksiya jarayonlarini tizimli tashkil etish uchun nimalarga e’tibor qaratilganligi, xodimlar ish faoliyati va tajribasini yanada shakllantirish, loyihalash ishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminarning amaliy qismida bevosita Buxoro shahrining bir qator manzillarida, xususan, Samarqand, Xo’ja Nurobod va Rohat ko’chalarining gaz quvurlarida olib borilgan rekonstruksiya ishlari bilan yaqindan tanishishdi. Ushbu jarayonda xodimlarni jalb etish va ishni to’g’ri tashkil etish masalalari haqida tushuntirildi, tajribalar asosida fikr almashildi.
Navbatdagi manzil Kogon tumanida bo’ldi. Hududdagi Sarayon va Yangi hayot mahallalarining gaz quvurlarida olib borilgan jarayonlar bilan tanishgan viloyatlardan tashrif buyurgan soha vakillari bevosita ish ko’lamini yanada kengaytirish haqidagi kerakli ma’lumotlarga ega bo’lishdi.
Seminar davomida taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, o‘rganilgan tajriba asosida tizimdagi har bir xodim ish faoliyatiga e’tibor berishi hamda bevosita ularni amalda qo’llashi lozimligi haqida ta’kidlandi.