Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Namangan” gaz taʼminoti filialida O‘zsanoatqurilishbank vakillari tomonidan xodimlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda asosiy e’tibor xodimlarning shaxsiy byudjetni to‘g‘ri rejalashtirish, daromad va xarajatlarni boshqarish, bank xizmatlaridan samarali foydalanish hamda moliyaviy xatarlardan himoyalanish, yaʼni, kiberxavfsizlik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratildi.
Seminarda O‘zsanoatqurilishbank mutaxassisi F.Alimjonov hamda mazkur bankning Namangan viloyati filiali vakili N. Abdurahmonovlar oʼz ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Ular zamonaviy moliyaviy xizmatlar, mobil ilovalar orqali to‘lov va jamg‘arma imkoniyatlari, bankning qulay kredit mahsulotlari hamda kundalik moliyaviy faoliyatda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolar haqida batafsil tushuntirib berishdi.
Tadbir davomida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Mutaxassislar esa real hayotiy misollar orqali moliyaviy intizomni shakllantirish va kelajak uchun to‘g‘ri jamg‘arma tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.
Uchrashuv mavzusi “Hududgaz Namangan” jamoasi uchun ayniqsa, dolzarb bo‘lib, unda filialning barcha ishchi-xodimlari faol ishtirok etdi.
Mazkur tadbir xodimlarning iqtisodiy bilimlarini kengaytirish, ularni shaxsiy moliyaviy farovonligini oshirishga undash hamda zamonaviy bank xizmatlaridan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.
"Hududgaz Namangan" gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati